Yangiliklar

Davlatobodda qoʻshaloq bayram

      Prezidentimizning “Namangan viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 21-apreldagi 5084-son qaroriga asosan, Namangan shahrining markazlashgan issiqlik tizimini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 15 mln AQSH dollari ekvivalentida mablag‘lar yo‘naltirildi.

      O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining tegishli bayoniga asosan, loyihani 2022-yilda to‘liq yakunlash hamda ishga tushirish maqsadida qo‘shimcha 118,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.

      Bugungi kunda Namangan shahri Davlatobod tumanida har birining quvvati 60 MVtga teng bo‘lgan 2 ta markaziy qozonxona, 64,0 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari qurish va 400 ta individual issiqlik punkti o‘rnatish ishlari amalga oshirilib, 350 ta ko‘p qavatli uydagi 16 316 xonadon, ya’ni 382 ming aholi 

va 37 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik bilan ta’minlandi.

      Shuningdek, markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanishi rejalashtirilgan RK-1 qozonxonasi hududidagi 7 592 ta xonadondan iborat 153 ta va RK-2 qozonxonasi hududidagi 8 724 ta xonadondan iborat 197 ta ko‘p qavatli uylarning ichki issiqlik tarmoqlarini tiklash ishlariga 28,6 mlrd so‘m mahalliy budjet mablag‘lari yo‘naltirilib, bu boradagi ishlar ham to‘liq yakunlandi.

      Bugun Namangan viloyati Davlatobod tumanida RK-1 va RK-2 qozonxonalarining ishga tushirilishi munosabati bilan ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimni Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sherzod Hidoyatov ochib berib, Davlatobod aholisini ushbu muvaffaqiyatli loyiha bilan qutladi.

“Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, birgina joriy yilning o‘zida 7 ta issiqlik ta’minoti obyektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Bunda 36,9 km issiqlik tarmoqlari, 5 ta markaziy, 3 ta mahalliy qozonxona qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, natijada 25 mingdan ziyod xonadondan iborat 531 ta ko‘p qavatli uylar va 52 ta ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta’minlashni maqsad qilganmiz” - dedi vazir. 

       Mutasaddilar qozonxonaning zamonaviy, raqamlashtirilgan tizimi, energotejamkor texnologiyalarini koʻzdan kechirdilar.

      Vazir boshchiligidagi mutasaddilar ramziy tugmani bosgan holda, ilk marta qozonxonalarni ishga tushirdilar. Shundan soʻng, koʻp qavatli uylarning markazlashgan issiqlik tizimiga ulanganligi, yertoʻlalar holati shaxsan vazir tomonidan oʻrganib chiqildi.