Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan samimiy muborakbod etaman!
O‘zbek tili — xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi, milliy o‘zligi va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan bebaho boyligimizdir. Ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini yuksaltirish, sofligini saqlash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir.
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimida ham davlat tilining mavqeyini mustahkamlash, ish yuritish jarayonlarida o‘zbek tilidan to‘g‘ri va samarali foydalanish, sohaviy atamalarni takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Zero, davlat tiliga hurmat — Vatanga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat va kelajakka mas’uliyat demakdir.
Ona tilimiz doimo e’zozda, nufuzimiz va g‘ururimiz timsoli bo‘lib qolsin!
Sherzod Hidoyatov
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri
