Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani “Oqtoshota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” massivida aholi uchun zamonaviy va barqaror issiqlik ta’minoti tizimini yaratish bo‘yicha qurilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha hududda qurilayotgan yangi uy-joylarni markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish hamda aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
Loyiha doirasida umumiy uzunligi 4,4 kilometr bo‘lgan issiqlik tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali massivdagi uy-joylarga uzluksiz va sifatli issiqlik yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Hozirgi kunga qadar qurilish ishlarining muayyan qismi bajarilib, 1.6 km issiqlik tarmog‘i amalda qurib bitkazildi. Qurilish ishlari belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda.
Ushbu infratuzilma loyihasi hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sifatini yaxshilash hamda zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.






