Korrupsionerlar uchun "qora ro‘yxat": Elektron reestr va yengillik berilmaydigan 5 turdagi jinoyat!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan 2026 yil 22 iyunda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1155 Qonuni imzolandi.
Ushbu Qonun bilan 3 ta kodeks va 5 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, jumladan:
1) korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reestri yuritilishi belgilandi;
2) Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, unga 18 turdagi jinoyatlar kirishi belgilandi
3) Huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan yangi institut – komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining qonuniy asoslari yaratildi. Ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonun bilan o‘rnatildi;
4) Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda eng quyi maishiy korrupsiyadan tortib, yuqori darajadagi mansabdor shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi amaliy mexanizmlar belgilandi.
5) Komplaens tuzilmalarning mustaqil va ta’sirchan ishlashini ta’minlash uchun ushbu bo‘linmalar xodimlarining xavfsizlik kafolatlari o‘rnatildi.
6) Komplaens tuzilmalari barcha davlat organlarida tashkil etilib, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib boruvchi tuzilmalarning o‘zida ham komplaens-nazorati tizimi olib boriladi.
7) Komplaens tuzilmalarining butun faoliyati Prezident Administratsiyasining Komplaens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Endilikda korrupsiyaga qarshi tarqoq holda kurashish emas, yagona tizim asosida yaxlit tuzilma sifatida ish olib boriladi.
8) 5 turdagi korrupsion jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari qo‘llanilmasligi belgilandi;
9) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatildi;
10) “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 8 ta yangi vazifalar belgilandi.