Yangiliklar

     Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 8-noyabrdagi Farmoniga binoan bir  guruh yurtdoshlarimiz “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi. Quvonarlisi, ular orasida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi jamoasi vakillari ham bor.

 

 Shu munosabat bilan, bugun vazir Sherzod Hidoyatov ishtirokida taqdirlanganlarga esdalik nishonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

 - Konstitutsiyamiz, mana, o‘ttiz yildirki, yurtimizda ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Ayni paytda biz asosiy qonunimiz talablarini to‘liq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar turganini yaxshi tushunamiz. Ya’ni, xalqimiz hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda ta’minlash bo‘yicha ko‘p ish qilishimiz kerak. Bu borada men sizlarning kuchingiz, salohiyatingiz va xalqparvarligingizga tayanaman. Birgalikda bir kuch bo‘lib, yurtboshimiz bizga ishonib topshirgan yuksak mas’uliyatni oqlaymiz.

Murakkab va shu bilan birgalikda xalq koriga yaraydigan ishingizda muvaffaqiyat tilayman- dedi vazir o‘z nutqida. 

   Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar, obodonlashtirish ishlari bosh Qomusimiz berayotgan ulkan imkoniyatlar asosida amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. Tadbir yakunida vazirlik va uning tizim tashkilotlarida mehnat qilayotgan 10 nafardan ortiq xodimga “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.