O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 33 yilligi muborak bo‘lsin
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.
Bugun bizning yuragimizda alohida o‘rin egallagan qutlug‘ sana O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 33 yilligini katta faxr va g‘urur bilan nishonlamoqdamiz. Bu bayroq nafaqat mustaqilligimizning yorqin timsoli, balki ajdodlarimizning mardligi, bugungi avlodning intilishlari va kelajak avlodlarning porloq umidlarini o‘zida mujassam etgan muqaddas ramzdir.
Bugun bayrog‘imiz xalqaro maydonda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida O‘zbekistonimizni ulug‘lab, yurtimiz sha’ni va obro‘sini dunyoga namoyish etib kelmoqda. Har safar bayrog‘imiz baland ko‘tarilganida, xalqimiz qalbida vatanparvarlik va milliy g‘urur hissi yanada kuchayadi.
Bu muborak kunda siz azizlarni chin qalbdan tabriklaymiz! Bayrog‘imiz yurtimiz osmonida doimo baland hilpirab, xalqimizni ulkan zafarlar va yangi marralarga ilhomlantirsin. Vatanimizda tinchlik va barqarorlik barqaror bo‘lsin, har bir xonadonga baxt, farovonlik va osoyishtalik yog‘ilsin.
Keling, bayrog‘imiz ostida birlashib, yurtimizni rivojlantirish, uni yanada obod va gullab-yashnagan maskanga aylantirish yo‘lida birgalikda harakat qilaylik
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
“Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi