O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan soha xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan soha xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezident farmoniga ko‘ra ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan, sohaga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 70 dan ortiq xodimga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir avvalida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov so‘zga chiqib, soha vakillarini Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi.
“Bu mukofot, avvalo, sizlarning mamlakatimiz taraqqiyotiga, bunyodkorlik ishlariga qo‘shayotgan hissangizga berilgan yuksak e’tirof, deb bilaman. Fursatdan foydalanib, sizlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Sizlarning tajribangiz, mas’uliyatingiz va kasbingizga bo‘lgan sadoqatingiz sohaning bugungi taraqqiyoti uchun juda muhim. Ishonchim komilki, bundan keyin ham birgalikda yurtimizning yanada chiroyli, zamonaviy va farovon qiyofasini yaratishga munosib hissa qo‘shamiz”, — dedi vazir.
Shundan so‘ng esdalik nishonlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Taqdirlanganlar orasida vazirlik tizimida ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassislar, soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan xodimlar hamda bunyodkorlik, qurilish va kommunal yo‘nalishida samarali mehnat qilayotgan vakillar bor.
Tadbir yakunida soha xodimlariga mustaqillik bayrami munosabati bilan ezgu tilaklar bildirildi.


