“Yangi Navoiy” shaharchasida zamonaviy issiqlik tizimi barpo etilmoqda

Navoiy shahrida aholi turmush farovonligini oshirish va hudud infratuzilmasini tubdan yangilashga qaratilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Xususan, “Yangi Navoiy” shaharchasining “Yangi O‘zbekiston” massivida qad rostlayotgan ko‘p qavatli turar joylarni barqaror va tejamkor issiqlik energiyasi hamda issiq suv bilan ta’minlash bo‘yicha muhim loyiha amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy va energiya tejamkor yechimlar

Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yotqizish jarayonida eng so‘nggi zamon talablariga javob beradigan energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Bu aholi xonadonlariga qish mavsumida bir maromda va uzilishlarsiz issiqlik yetkazib berishni ta’minlaydi.

  • Issiqlik yo‘qotilishini minimal darajaga tushiruvchi maxsus izolyatsiyali (PPU) quvurlar yotqizilmoqda.
  • Har bir payvandlash va payvand choklarini sinash ishlari mutaxassislar tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
  • Hozirda qurilish maydonida muhandis-texnik xodimlar va maxsus texnikalar to‘liq jalb etilgan bo‘lib, tarmoqlarni yotqizish va ko‘p qavatli uylarning ichki issiqlik tizimlariga ulash ishlari jadval bo‘yicha olib borilmoqda.
  • Loyiha to‘liq yakunlangach, "Yangi O‘zbekiston" massividagi yuzlab xonadonlar muntazam va sifatli issiqlik manbai bilan ta’minlanadi. Bu esa yangi mavsumda aholi uchun munosib va qulay turmush sharoitini yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.